Taʼlim muassasalarida oʻqish yakuniga yetmoqda. Bu esa bitiruvchilar uchun hayotlaridagi muhim tadbir - bitiruv bayrami yaqinlashmoqda degani. Bu sana nafaqat oʻquvchining, balki ota-ona va ustozlarning ham hayajonli kunidir. Bu kunda yillar davomida orttirilgan bilim, mehnat va xotiralar yakun topadi. Bunday kun albatta nishonlanishi kerak , lekin qanday shaklda ?
Soʻnggi yillarda bitiruv kechalarining mazmuni oʻzgarib borayotgani kuzatilmoqda. Avvalgi samimiy va mehrli bayramlar oʻrnini tobora dabdabali, isrofgarchilikka toʻla, koʻrgazmali tadbirlar egallab oldi. Bu ayrim hollarda ota-onalarning ortiqcha harajat qilishiga , ayrim oʻquvchilarning esa oʻzini chetda his qilishiga sabab boʻlyapti. Qimmatbaho liboslar, hashamatli mashinalar, sanʼatkorlar ishtirokidagi tadbirlar baʼzan goʻzal bayram emas, balki kim oʻzarga , maqtanchoqlikka aylanib boryapti.
Bitiruvning asl mohiyati ustozga rahmat, ota-onaga ehtirom, doʻstlar bilan xayrlashuv va hayot sari dadil qadam tashlash edi-ku ! Bitiruv bayramlari tarbiyaviy jihatdan boy, mazmunan chuqur boʻlishi kerak. Bu kunda oʻquvchilar oʻz bilimlarini, iqtidorini, ijodiy salohiyatini namoyish etib jamiyat oldida masʼuliyatli yoshlar ekanini koʻrsatishlari muhimdir. Samimiy soʻzlar , ijodiy chiqishlar, ustoz va ota-onalarga minnatdorlik bildiruvchi sahnalar bayramni esda qolarli qilib oʻtkazishga yordam beradi. Bitiruvni esda qolarli tarzda nishonlash uchun katta mablagʻ emas yurakdan chiqqan mehr va ehtirom yetarli. Har kimning sharoiti turlicha , lekin yurakdagi samimiyat, koʻngildagi hurmat teng. Katta hayotga qadam bosayotgan yoshlar uchun bu kecha xotiralarda oʻchmas iz qoldirishi kerak.
Bayram dabdabasi bilan emas balki mazmuni bilan qadrlidir.
Dilfuzaxon Tursunboyeva
Oʻzbekiston Jurnalistika va Ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Jurnalistika fakulteti 3- bosqich talabasi.